
Gapparov Alibek Karshiboyevich — filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent, Samarqand davlat pedagogika instituti ilmiy idjhlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektori. U 2003-2007-yillarda Samarqand davlat chet tillar institutida bakalavr va 2007-2009-yillarda magistr darajalarini olganman. 2024-yilda “Ijtimoiy-siyosiy leksikaning sotsiolingvistik aspektlari (publitsistik matn misolida)” mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qilgan, A.Gapparov, ijtimoiy-siyosiy leksikalogiya, pedagogika, lingvistik terminlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi. U 40 dan ortiq ilmiy maqola, 1 ta darslik, 1 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta monografiya va uslubiy qo‘llanmalar muallifi hisoblanadi. Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 2 nafar filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), shuningdek, bakalavr va magistr kadrlar tayyorlanishiga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
A.Gapparov ta’lim va tarbiya faoliyati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Isxakova Shahlo Ismoilovna — psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Samarqand davlat pedagogika instituti Psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi.
U 2012–2016-yillarda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida bakalavr, 2019–2021-yillarda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida magistr darajasini olgan. 2023–2025-yillarda Samarqand davlat universiteti tayanch doktoranturasida tahsil olgan.
2025-yilda “O‘smirlar kross-madaniy tasavvurlari shakllanishining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusida psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Sh.Isxakovaning ilmiy tadqiqotlari o‘smirlar psixologiyasi, kross-madaniy psixologiya, ijtimoiy psixologiya hamda ta’lim psixologiyasining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan. U 25 ta ilmiy ish, jumladan, 1 ta monografiya, 10 ta ilmiy maqola (5 tasi OAK ro‘yxatidagi respublika jurnallarida, 5 tasi nufuzli xorijiy jurnallarda) hamda 14 ta respublika va xalqaro konferensiya tezislari muallifi hisoblanadi.
Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida “Umumiy psixologiya” va “Yuridik psixologiya” fanlaridan namunaviy hamda ishchi o‘quv dasturlarini ishlab chiqqan va talabalarni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida o‘qitib kelmoqda.

Negmatova Shaxzoda Shuxratovna — falsafa fanlari doktori (DSc), professor, Samarqand davlat pedagogika instituti rektori. U 2005-yilda Samarqand davlat universitetining “Falsafa” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni, 2007-yilda esa “Siyosat falsafasi” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani tamomlagan. 2011-yilda “Ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni boshqarishning axloqiy normalari va tamoyillari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 2018-yilda esa “Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida sog‘lom raqobatni rivojlantirishning ma’naviy, axloqiy va huquqiy jihatlari” mavzusida falsafa fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan.
Sh. Negmatova falsafa, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, axloqiy qadriyatlar, ma’naviyat, ta’lim va yoshlar tarbiyasi masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi. U 120 dan ortiq ilmiy maqola, 2 ta darslik, 2 ta monografiya, 5 ta uslubiy qo‘llanma va 4 ta o‘quv qo‘llanma muallifi hisoblanadi. Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 4 nafar fan doktori (DSc), 12 nafar falsafa doktori (PhD), shuningdek, ko‘plab bakalavr va magistr kadrlar tayyorlanishiga ilmiy rahbarlik qilgan.
Sh. Negmatova ilm-fan, ta’lim va innovatsion faoliyat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi” ko‘krak nishoni hamda bir qator faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.

Butayeva Umida Aliboyevna — psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent, Samarqand davlat pedagogika instituti Psixologiya kafedrasi mudiri. U 2006-yilda Samarqand davlat universitetining Pedagogika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan, 2008-yilda esa psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini yakunlagan.
2019-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda professor N.S. Safayev ilmiy rahbarligida “Psixologik yetuklikning ijtimoiy-psixologik asoslari” mavzusida psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dotsent ilmiy unvoni berilgan.
U.A. Butayevaning ilmiy faoliyati ijtimoiy psixologiya, shaxs psixologiyasi, psixologik yetuklik, psixodiagnostika, ta’lim psixologiyasi, muloqot madaniyati hamda pedagogik jarayonga psixologik yondashuv masalalarini tadqiq etishga qaratilgan. U “Psixologik yetuklik darajasini tashxis qilishning psixologik xususiyatlari” nomli monografiya, “Shaxs psixologiyasi” o‘quv qo‘llanmasi, “Ta’limda interfaol metod va treninglar” o‘quv qo‘llanmasi hamda bir qator uslubiy qo‘llanmalar muallifi hisoblanadi.
Uning 90 dan ortiq ilmiy maqolalari respublika va xorijiy ilmiy nashrlarda chop etilgan. Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlari uchun “Umumiy psixologiya”, “Ijtimoiy psixologiya”, “Umumiy psixodiagnostika”, “Shaxs psixologiyasi” va boshqa fanlardan o‘quv dasturlari, ma’ruza matnlari hamda o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlagan.
2023-yil 10-avgustdan buyon Samarqand davlat pedagogika instituti Psixologiya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. U psixologiya fanining rivoji, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish hamda malakali psixolog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Khan Azizuddin — psixologiya fanlari bo‘yicha xalqaro tajribaga ega olim, Hindistonning Indian Institute of Technology Bombay institutida professor lavozimida faoliyat yuritadi. U 2006-yilda Indian Institute of Technology Kanpur institutida psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha PhD ilmiy darajasini olgan. Uning doktorlik dissertatsiyasi prospektiv va retrospektiv xotiraning temporal jihatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan.
Uning ilmiy faoliyati kognitiv psixologiya, rivojlanish neyropsixologiyasi, ta’lim va bola rivojlanishi, ishchi xotira, prospektiv xotira, kognitiv ergonomika, EEG/Event Related Potential tadqiqotlari hamda rivojlanish disleksiyasi kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Professor ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Hindiston, Finlandiya, Fransiya, Ekvador, Polsha va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat olib borgan.
U 2018–2021-yillarda Samarqand davlat universiteti Psixologiya kafedrasida tashrif buyurgan professor sifatida faoliyat yuritgan. Hozirda IIT Bombay qoshidagi Sunita Sanghi Centre of Aging and Neurodegenerative Diseases hamda Koita Centre for Digital Health markazlari bilan ham ilmiy hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.

Rizakulova Sevara Isroilovna 1987-yil 29-sentabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan. U 2010-yilda Samarqand davlat chet tillar institutining bakalavriat bosqichini, 2022-yilda esa Samarqand davlat universitetining magistratura bosqichini tamomlagan.
Mutaxassisligi bo‘yicha psixolog, tadqiqotchi va pedagog hisoblanadi. Uning kasbiy faoliyati ta’lim jarayonida psixologik yondashuvlarni qo‘llash, o‘quvchilarning psixologik rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda pedagogik-psixologik faoliyatni tashkil etish bilan bog‘liq.
Mehnat faoliyati davomida Samarqand shahridagi 42-umumta’lim maktabida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritgan. 2023-yil 4-sentabrdan boshlab O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika institutida psixolog assistent-o‘qituvchi lavozimida ishlab kelmoqda.